Soha yangiliklari

31.03.2026 19

Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashish

Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga

qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan xodimlarni

ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan xodimlarni ragʻbatlantirish tartibini belgilaydi.

2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:

korrupsiya – shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqeyidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishi;

korrupsiyaga oid huquqbuzarlik – korrupsiya alomatlariga ega boʻlgan, sodir etilganligi uchun qonunchilikda javobgarlik nazarda tutilgan qilmish;

korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan xodimlar – Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi va uning tuzilmasidagi tashkilotlar xodimlari;

korrupsiyaga qarshi kurashishda faol ishtirok etish – tayyorgarlik koʻrilayotgan, sodir etilayotgan yoki sodir etilgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar berish yoxud yordam koʻrsatish;

korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashish – Vazirlikning “Korrupsiyaga qarshi siyosati”, “Odob-axloq kodeksi”, “Manfaatlar toʻnashuvini boshqarish toʻgʻrisidagi nizom”, “Sovgʻa berish va olish siyosati” kabi ichki meʼyoriy hujjatlari va sohaga oid qonunchilik talablari xodimlar tomonidan buzilganda, oʻtkazilayotgan tekshiruvlar (xizmat tekshiruvi, o‘rganish va b.) jarayonida bevosita koʻmaklashish;

korrupsiyaga oid maʼmuriy huquqbuzarliklar – Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 611, 1931 , 1932 va 1934-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar;

korrupsiyaga oid jinoyatlar – Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining 167, 168, 1929, 19210, 205, 209 va 214-moddalari hamda 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni mansab mavqeyidan foydalangan holda sodir etish, shuningdek 301-moddasida koʻrsatilgan jinoyatlar.

3. Quyidagilar korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan xodimlarni ragʻbatlantirishning (keyingi oʻrinlarda – ragʻbatlantirish) asosiy vazifalari hisoblanadi:

jamiyatda korrupsiyaning barcha koʻrinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirish hamda ushbu sohada davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini taʼminlash;

korrupsiyaga oid jinoyatlarning barvaqt profilaktikasini taʼminlash, bunga imkon berayotgan shart-sharoitlarni oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etish;

aholining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faolligini yanada oshirish hamda ularni ushbu sohaga qoʻshayotgan hissasi uchun munosib taqdirlash.

4. Ragʻbatlantirish qonuniylik, adolatlilik, xolislik, oshkoralik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularning shaxsiy xavfsizligini taʼminlash va xohish-istaklarini hisobga olish prinsiplari asosida amalga oshiriladi.

5. Ushbu Nizom talablari qonunchilik hujjatlariga muvofiq korrupsiyaga oid jinoyatlar haqida oʻttiz kun mobaynida oʻz ixtiyori bilan arz qilgan yoki korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni bevosita sodir etgan xodimlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

6. Ragʻbatlantirish bir martalik pul mukofoti, tashakkurnoma yoki esdalik sovgʻa shaklida belgilanadi.

2-bob. Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan xodimlarni ragʻbatlantirish asoslari va turlari

7. Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan xodimlar quyidagi asoslardan biri mavjud boʻlganda bir martalik pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi:

fuqarolar yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan xodimlarga nisbatan pora taklif qilgan shaxs haqida yoki oʻzlariga maʼlum boʻlgan boshqa xodimlarning korrupsiyaga oid huquqbuzarligi haqida aloqa kanallari orqali xabar berishi natijasida bunday huquqbuzarlik fosh etilishi;

nodavlat tijorat tashkilotining yoki davlat tashkilotining yoxud fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organining xizmatchisi tomonidan xodimga nisbatan pora berishni taklif etgan yoki pora talab qilgan shaxs haqida bergan xabari asosida yoxud oʻziga maʼlum boʻlgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida bevosita oʻz rahbariga bergan xabari asosida huquqbuzarlik fosh etilishi.

8. Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan xodimlar Maxsus komissiya taqdimnomasi asosida quyidagi miqdordagi bir martalik pul mukofoti yoki sovgʻa bilan ragʻbatlantiriladi:

- korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan shaxslarga esdalik sovgʻa, qiymati - bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravarigacha;

- korrupsiyaga oid maʼmuriy huquqbuzarlik haqida berilgan xabar uchun - bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravarigacha;

- pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud oʻzlashtirilayotgan (oʻzlashtirilgan) mulk haqida berilgan xabar uchun - bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda.

9. Xodim korrupsiyaga qarshi kurashishga munosib hissa qoʻshganligi uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq davlat mukofotiga ham tavsiya etilishi mumkin.

10. Quyidagi qarorlardan biri qabul qilingandan soʻng ragʻbatlantirish masalasi koʻrib chiqiladi:

korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi xabar Maxsus komissiya tomonidan koʻrib chiqilib, mazkur xabar tasdiqlanganda;

korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar boʻyicha jinoyat ishlari yuzasidan sudning ayblov hukmi yoki qarori qonuniy kuchga kirganda.

11. Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan xodimlarni ragʻbatlantirish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda tizim tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

3-bob. Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan xodimlarni ragʻbatlantirish masalasini koʻrib chiqish tartibi

12. Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan xodimlarni ragʻbatlantirish masalasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzurida tuzilgan Maxsus komissiya tomonidan koʻrib chiqiladi.

13. Maxsus komissiyaning tarkibi vazirlik buyrugʻi bilan tasdiqlanadi va Maxsus komissiya taqdimnomasi asosida ragʻbatlantirish amalga oshiriladi. Quyidagilar Maxsus komissiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

soha xodimlarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi faolligini yanada oshirish hamda ularni ushbu sohaga qoʻshayotgan hissasi uchun munosib taqdirlash;

qonunbuzarliklar haqida vijdonan xabar bergan xodimlarga nisbatan ishdan boʻshatish, lavozimdan tushirish, kamsitish, taʼqib qilish kabi tazyiqlarga yoʻl qoʻyilmaslik va taqdim etilgan maʼlumotlar boshqa xodimlarga yoki uchinchi shaxslarga ularning roziligisiz oshkor qilinmaslikni nazorat qilish;

tizimda korrupsiyaning barcha koʻrinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirish hamda ushbu sohada davlat siyosatining samarali amalga oshirilishi boʻyicha takliflar ishlab chiqish.

14. Taqdimnomaga ragʻbatlantirish uchun asos boʻluvchi quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

roʻyxatdan oʻtgan ariza nusxasi yoki ogʻzaki berilgan xabarni tasdiqlovchi maʼlumotlar;

sudning qonuniy kuchga kirgan qarori yoki ayblov hukmi nusxasi;

korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan xodimlarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar.

15. Maxsus komissiya taqdimnomasi va unga ilova qilingan asoslovchi hujjatlar ragʻbatlantirish uchun asos yuzaga kelgan kundan boshlab uch ish kuni ichida vazirlik buyrugʻi asosida amalga oshiriladi.

16. Maxsus komissiya tomonidan ragʻbatlantirishga oid hujjatlar olingan kundan boshlab besh ish kuni ichida taqdim etilgan hujjatlarning toʻliqliligi, asosliligi hamda ushbu Nizom talablariga rioya qilinganligi koʻrib chiqiladi.

17. Ragʻbatlantirish uchun taqdim etilgan hujjatlar toʻliq emasligi hamda ushbu Nizom talablariga rioya qilinmaganligi aniqlangan taqdirda, ikki ish kuni ichida qaytariladi.

Qaytarilish uchun asos boʻlgan holatlar bartaraf etilgan taqdirda, tegishli hujjatlar ushbu Nizom talablari asosida ragʻbatlantirish uchun qayta taqdim etilishi mumkin.

18. Ragʻbatlantirish boʻyicha Maxsus komissiya tomonidan chiqarilgan qarorlar uch ish kuni ichida ijro uchun yuboriladi.

19. Maxsus komissiyaning raisi komissiya qarori qonuniyligi, xolisligi hamda xodimlarning shaxsiga oid maʼlumotlar oshkor etilmasligi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.

20. Maxsus komissiyaning qarori asosida bir ish kuni ichida bir martalik pul mukofoti yoki esdalik sovgʻasi bilan taqdirlash haqida ichki buyruq chiqariladi.

Bir martalik pul mukofoti xarajatlar smetasiga oʻzgartirish kiritilgandan soʻng besh ish kuni ichida xodimlarning shaxsiy hisobvaragʻiga oʻtkazib beriladi, esdalik sovgʻasi esa qonunchilik hujjatlariga muvofiq sovgʻa qilinadigan buyum xarid qilingandan soʻng, uch ish kuni ichida topshiriladi.

21. Tashakkurnoma shaklida ragʻbatlantirish masalasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri tomonidan koʻrib chiqiladi.

4-bob. Yakunlovchi qoidalar

22. Ragʻbatlantirilgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan xodimlarning reyestri Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻlimi tomonidan yuritiladi va har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga hisobot berib boriladi.

23. Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan xodimlar, ularning oila aʼzolari va yaqin qarindoshlarining xavfsizligini taʼminlash maqsadida ular haqidagi maʼlumotlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablar asosida oshkor etilishi mumkin.

24. Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan xodimlar, ularning oila aʼzolari va yaqin qarindoshlarini himoya qilish qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

25. Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda koʻmaklashgan xodimlarni ragʻbatlantirish bilan bogʻliq nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

26. Ushbu Nizom talablari buzilganda aybdor boʻlgan xodimlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.