Soha yangiliklari

25.11.2021 551

Korrupsiyasiz jamiyat quraylik

Keyingi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirildi, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishga yo‘naltirilgan tizimli chora-tadbirlar belgilanmoqda. 

Xususan, 2017 yil 3 yanvarda O‘zbekison Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘RQ-419-sonli Qonuni qabul qilindi.

O‘zbekison Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining qabul qilinishi ham korrupsiya illatiga qarshi kurashishda muhim amaliy qadamlardan biri bo‘ldi.

Ushbu harakatlarning davomi sifatida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy agentligining 2021 yil 19 avgustdagi 4-sonli majlis qaroriga binoan xalq deputalari Qoraqolpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlarida Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashlari tuzildi hamda ularning nizomi va hududiy kengashlar a’zolarining na’munaviy ro‘yxati tasdiqlandi. 

Surxondaryo viloyati Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi ta’sis yig‘ilishining 1-sonli bayonnomasi bilan xududiy kengash a’zolarining ro‘yxati tasdiqlangan va vazifalari belgilab berilgan.  

O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 18 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-729-sonli Qonuniga asosan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga qo‘shilish to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish kiritilib, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Adliya vazirligi bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish va ularni amalga oshirishda boshqa Ishtirokchi-davlatlarga yordam ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan organlar sifatida belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasining 1997 yil 25 aprelda qabul qilingan 

409-I-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksi 18-moddasi uchinchi qism bilan to‘ldirilib, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari o‘z vakolatlari doirasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabablari va shart-sharoitlarini o‘rganish hamda tahlil qilish maqsadida jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirishga, zarur hujjatlar bilan tanishishga haqli ekanligi belgilandi.

Bularning barchasi jamiyatda adolatni qaror toptirish, korrupsiyaga qarshi kurash borasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, poraxo‘rlik, ta’magirlik kabi huquqbuzarliklarni aniqlash va ularga chek qo‘yish, bunday jinoyatlarga qarshi jazo muqarrarligini ta’minlashga qaratilgandir.

 

Termiz tumanlararo iqtisodiy sudi raisi D.Jumayev